Koreya Respublikasining Daegu Sharq tabobati universiteti hamda Daegu/Kyeongbuk kichik va o‘rta korxonalar agentligi vakillaridan iborat delegatsiya INNO innovatsion o‘quv ishlab chiqarish texnoparkiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida mehmonlarni texnopark bosh direktori Sultonov Mansurbek Qilichovich kutib olib, ularga texnopark faoliyati, ishlab chiqarish zonalari, startap inkubatsiya jarayonlari, ta’lim va amaliyot integratsiyasibo‘yicha batafsil ma’lumot berdi. Koreyalik hamkorlar “INNO” texnoparki doirasida yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yuqori baholab, o‘zaro tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish borasida qiziqish bildirdilar. Tashrif yakunida tomonlar o‘rtasida ta’lim, ilmiy-tadqiqot ishlari, innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash va texnologik almashinuv sohalarida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan muzokaralar olib borildi. Bunday uchrashuvlar O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi innovatsion hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, yosh mutaxassislar va tadqiqotchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.