Sloveniya Respublikasining Maribor shahrida Inno Innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparki va Sloveniya Respublikasining Tadbirkorlikni ilgari surish, xalqaro hamkorlik, xorijiy investitsiyalar va texnologiyalar bo‘yicha davlat agentligi “SPIRIT Slovenia” o‘rtasida o‘zaro anglashuv to‘g‘risida memorandum imzolandi. Mazkur hujjat Innovatsion rivojlanish, startap ekotizimini kengaytirish, ta’lim va fan sohasidagi almashinuvlar, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini qo‘llab-quvvatlash, hamda ikki davlat o‘rtasida texnologik va ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Asosiy hamkorlik yo‘nalishlari: Startap va inkubatsion loyihalarni amalga oshirish; Yoshlarga mo‘ljallangan almashinuv dasturlari; O‘zbek startaplarini Yevropa Ittifoqi bozoriga integratsiyalashuviga ko‘maklashish; Texnoparklar va innovatsion infratuzilmalar o‘rtasidagi tarmoq hamkorliklari; Ikkala mamlakat ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma dasturlar, konferensiyalar va seminarlar; O‘zbek mutaxassislari va talabalari uchun Sloveniya kompaniyalarida amaliyot dasturlari; Investitsiyaviy va innovatsion tashabbuslarni moliyalashtirishda ko‘maklashish. Ushbu memorandum orqali tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi innovatsion aloqalarni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiy va ilmiy-texnik sohalarda o‘zaro manfaatli loyihalarni rivojlantirishga intilishlarini yana bir bor namoyon etdilar. Imzolash marosimida “INNO” texnoparki bosh direktori Sultonov Mansurbek Qilichovich ishtirok etdi va hujjatni imzoladi. E’tiborlisi shundaki, ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Sloveniya Respublikasiga rasmiy tashrifi va Lublyana shahrida Sloveniya Prezidenti Natasha Pirts Musar bilan birgalikda o‘tkazilgan qo‘shma biznes forumi doirasida amalga oshirildi. Bu hamkorlik ikki mamlakat yoshlari, olimlari va tadbirkorlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Innovatsiya, ilm-fan va kelajak sari birgalikda!