Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Oʻktam Salomov, Jizzax politexnika instituti rektori Alisher Usmonqulov hamda Jizzax viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Akmal Savurbayev bilan birgalikda yangidan barpo etilgan INNO texnopark binosida boʻlib, obyektning tayyor holati bilan tanishdilar. Sh. Rashidov tumanidagi “Oqtosh ota” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan INNO texnopark binosi toʻliq qurib bitkazilgan boʻlib, u zamonaviy innovatsion infratuzilma sifatida ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlashga xizmat qiladi. Texnopark hududida startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish hamda yosh tadqiqotchi va muhandislar uchun qulay ish muhitini yaratish imkoniyatlari mujassam etilgan. Tashrif davomida INNO texnopark binosining arxitektura yechimi, ichki bezak ishlari, devorlarida aks ettirilgan suratlar hamda zarur mebel jihozlari bilan taʼminlangani qayd etildi. Shu bilan birga, vazir o‘rinbosari texnopark faoliyatini toʻliq yoʻlga qoʻyish maqsadida uni ilmiy va innovatsion uskunalar bilan jihozlash, laboratoriya va ishchi zonalarni bosqichma-bosqich shakllantirish ishlarini olib borish bo‘yicha aniq tavsiyalar berdi. INNO texnopark faoliyati hududda innovatsion gʻoyalarni amaliyotga tatbiq etish, yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar yaratish hamda yoshlarni ilmiy-texnik ijodkorlikka keng jalb etishda muhim maydon boʻlishi taʼkidlandi