June 18, 2026, 2:58 p.m. 16
Yangiliklar
Hamkorlik memorandumi imzolandi

“Inno” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkida Xalqaro Nordic universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ofisi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Memorandum doirasida yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, startap loyihalarni amaliyotga joriy etish, zamonaviy texnologiyalar, sun’iy intellekt, robototexnika va muhandislik yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Tashrif davomida mehmonlar “Inno” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparki faoliyati, zamonaviy laboratoriyalari hamda ishlab chiqarish zonalari bilan yaqindan tanishdilar. Texnoparkda amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar, ishlab chiqarish jarayonlari va yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, memorandum asosida Xalqaro Nordic universiteti talabalari texnoparkda malakaviy amaliyot va stajirovka jarayonlarini o‘tashlari, innovatsion loyihalar hamda startap tashabbuslarida bevosita ishtirok etishlari belgilandi. Mazkur hamkorlik ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, iqtidorli yoshlarning ilmiy-amaliy salohiyatini rivojlantirish hamda innovatsion ekotizimni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.